Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Oxirgi yangilanish:  6 Yan 2022 18:37
20482
Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?
102

Kompaniyalarning aksiyalari oldi-sotdisi orqali boyib ketgan odamlar haqida ko‘p eshitganmiz. Daromadlarni to‘g‘ri investitsiyalash hamda firibgarlar qurboniga aylanmaslik uchun qimmatli qog‘ozlar bozori mexanizmlarini bilish kerak bo‘ladi.

Fond birjasi nima?

Fond birjasi – qimmatli qog‘ozlar savdosiga mo‘ljallangan uyushgan bozor. Bu qimmatli qog‘ozlar xaridori hamda sotuvchisi uchrashadigan joy.

Misol uchun: dunyodagi yetakchi fond birjalariga NYSE, NASDAQ, LSE va boshqalar kiradi.

Muhim faktlar: Amsterdam fond birjasi dunyodagi eng ko‘hna birja sanaladi. Birja 1602 yilda tashkil topgan bo‘lib, shu yili tarixdagi ilk aksiyadorlik kompaniyasi – Gollandiyaning Ost-Ind kompaniyasi tashkil etilgan.

«Toshkent» Respublika fond birjasi - O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yagona fond birja. U 1994 yil 8 aprelda tashkil etilgan. Hozirda u yerda 99 ta kompaniya o‘z aksiyalari va 4 ta emitent (aksiya chiqaradigan kompaniya) o‘z obligatsiyalari bilan savdo qiladi.

Ro‘yxatga olingan qimmatli qog‘ozlar birjalarga joylashtiriladi, u yerdan ularni jismoniy va yuridik shaxslar - investorlar xarid qilishi mumkin.

Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi  – qimmatli qog‘ozlarni saqlash, yuritish, harakatini hisobga olish yagona tizimini ta'minlaydigan hamda boshqa turdosh xizmatlarni ko‘rsatadigan tashkilot. (Markaziy depozitariy o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 1999 yi 21 maydagi 263-sonli “Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysini tashkil etish va uning faoliyati masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, majburiy litsenziyalashsiz amalga oshiradi).

Fond birjasi faoliyatini kim tartibga soladi?

Tartibga soluvchi – mustaqil tashkilot bo‘lib, u bozorda, ya'ni fond birjasida hammasi qonuniy asosda amalga oshishini nazorat qiladi. O‘zbekistonda ushbu vazifalarni Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bajaradi, u, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari (investitsiya maslahatchilari, brokerlar, dilerlar, investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi) faoliyatini litsenziyalash bilan shug‘ullanadi.

Aksiyalar kotirovkasi nima?

Aksiyalar kotirovkasi – bu aksiyalarning fond birjasidagi bahosi bo‘lib, talab va taklifga ko‘ra belgilanadi hamda kompaniyaning sof daromadi, avval to‘langan dividendlar hajmi, firmaning obro‘si va qimmatli qog‘ozlar bozoridagi o‘rni kabi ko‘plab omillarga bog‘liq bo’ladi.

Bu muhim! Kompaniya aksiyalarining kotirovkasi doimo o‘zgarib turadi va «Toshkent» RFB saytida «Birja kotirovka varag‘i» nomli maxsus jadvalda doimiy aks etadi.

Har bir aksiya bir vaqtning o‘zida bir nechta narxga ega:

Birinchidan, bu chiqarish paytida aksiyaga belgilangan nominal narx. Uni nominal qiymat ham deyishadi. Aksiyaning nominal qiymati egasi ushbu aksiya bo‘yicha oladigan daromad yoki dividendga nisbatan ahamiyatli.

Aksiyalarning bozor narxi ushbu qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi davridagi talab va taklifga ko‘ra belgilanadi. Odatda u amalga oshgan bitimlarning o‘rtacha qiymati sifatida yoki savdo kunining (savdo haftasi) yakuniy narxiga ko‘ra belgilanadi.

Kotirovka narxlari – ma'lum vaqt oralig‘ida qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi bo‘yicha operatsiyalar bajarilgan, birjadagi turli sotuvchi va xaridorlar tomonidan taklif etilgan narxlar.

Fond birjasida listing (birja kotirovka varag‘i) – bu kompaniyaning birja talablariga javob berishini tekshirishdan iborat maxsus birja tadbiri. Birja qimmatli qog‘ozlar emissiyasi (chiqarilishi) ro‘yxatdan o‘tganligini, uning natijalari haqidagi hisobotni, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya qilinishini, o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilinishi va bir qator boshqa talablarga rioya qilnishini tekshiradi.

Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan tayyorlandi.

Manzil: 100047, Mirobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 13 uy
Telefon: (71)203-01-15
E-mail: info@cmda.gov.uz




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Tijorat banklari

Tijorat banklari

Xalqaro moliyaviy institutlar

Xalqaro moliyaviy institutlar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X