Ushbu maqolada Markaziy bankning pul-kredit siyosatini amalga oshirishda muhim vositalardan biri boʼlgan – ochiq bozor operatsiyalari haqida toʼxtalib oʼtamiz.
Xoʼsh, ochiq bozordagi operatsiyalar deganda nima nazarda tutiladi?
Ochiq bozordagi operatsiyalar (inglizcha – “Open market operations”) - jahon amaliyotida pul muomalasini tartibga solishning asosiy vositalaridan biri hisoblanib, mamlakatdagi pul taklifi ustidan nazoratning eng moslashuvchan usuli hisoblanadi. Bunda, Markaziy bank oʼz mablagʼlari hisobidan ochiq bozorda qimmatli qogʼozlarni sotib olishi va sotishi mumkin. Ochiq bozorda amalga oshiriladigan operatsiyalarda katta miqdordagi xilma-xil qimmatli qogʼozlar ishtirok etadi.
Ochiq bozordagi operatsiyalar iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar (АQSh, Аngliya, Germaniya, Kanada va boshqalar)da XX asrning 40-yillarida davlat obligatsiyalari bozorining nihoyatda kengayishi va ularning markaziy banklar tomonidan faol sotib olinishi orqali pul-kredit siyosatining asosiy instrumentiga aylangan bo'lib, ushbu amaliyot bugungi kunda, iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklari tomonidan ham pul mablag'lariga bo'lgan taklifni nazorat qilish hamda tartibga solib turishda eng muhim dastakka aylandi.
Hozirgi kunda, mamlakatimizda davlat qimmatli qog'ozlarini muomalaga chiqarish, joylashtirish va ularga xizmat ko'rsatish bo'yicha barcha imkoniyatlar mavjud bo'lib, bu borada yetarlicha tajriba shakllangan.
Xalqaro amaliyotda davlat qimmatli qog'ozlarining doimiy muomalada bo'lishi nafaqat davlat budjeti defitsitini moliyalashtirishning maqbul yo'li, balki mamlakat moliya bozorini rivojlantirishning muhim instrumenti bo'lib hisoblanadi.
O'z navbatida, Markaziy bank ochiq bozor operatsiyalarini faollashtirish maqsadida 2018 yildan davlat qimmatli qog'ozlarini muomalaga chiqarish borasida Moliya vazirligi bilan tegishli tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Bunda, bozorning foiz stavkalari va bank tizimida (tijorat banklari)gi likvidlilik darajasiga ta'sir ko'rsatish, shuningdek, iqtisodiyotdagi pul massasi hajmi o'zgarishini muvozanatlashtirish maqsadida Markaziy bank ochiq bozorda davlat qimmatli qog'ozlarini, shuningdek, o'zi chiqargan obligatsiyalarni1 hamda boshqaruv qaroriga ko'ra boshqa qimmatli qog'ozlarni 2 sotib olishi va sotishi mumkin. Joriy yilda Markaziy bank pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirishda davom etdi va 24 fevraldan qisqa muddatli likvidlikni boshqarish instrumentlarini amaliyotga joriy etdi. Xususan, banklar bilan davlat qimmatli qog'ozlari garovi ostida 2 haftalik REPO3 auksionlari va 1 kunlik overnayt REPO operatsiyalari o'tkazilmoqda.
Markaziy bank tijorat banklaridan qimmatli qog'ozlarni xarid qilish, ya'ni sotib olish orqali bank tizimi likvidligi miqdorini oshiradi. Aksincha, qimmatli qog'ozlarni sotish esa teskari ta'sirga ega bo'lib, bu tijorat banklari likvidligini qisqarishiga olib keladi.Ushbu operatsiyalar Markaziy bank hamda tijorat banklari o'rtasida kechadi. Ushbu operatsiyalar Markaziy bank hamda tijorat banklari o'rtasida kechadi.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, Markaziy bank tomonidan qimmatli qog'ozlarning sotilishi bank tizimi likvidligini qisqartirishi, qimmatli qog'ozlarning sotib olinishi esa bank tizimi likvidligini oshirishi mumkin.
1 Markaziy bank faqat pul-kredit siyosatini amalga oshirish maqsadida obligatsiyalar emissiyasi (muomalaga chiqarish)ni amalga oshiradi. Shuningdek, obligatsiyalarning emissiyasi, joylashtirilishi, muomalada bo'lishi hamda muomaladan chiqarilishi tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
2 Xorijiy davlatlar qimmatli qog'ozlari (obligatsiya, veksel, depozit sertifikatlari va boshqalar) hamda mahalliy korporativ obligatsiyalar.
3 REPO (inglizcha “Repurchase Agreement”) – oldindan belgilangan narxda va kelishilgan muddatda qayta sotib olish (sotish) majburiyati ostida qimmatli qog’ozlarni sotish (sotib olish) bo’yicha tuzilgan bitim.