Шрифт ҳажми: A A
Сайт ранги: A A

Факторинг хизматлари ва уларнинг эътиборли жиҳатлари

Охирги янгиланиш:  3 Окт 2024 14:56
779
Факторинг хизматлари ва уларнинг эътиборли жиҳатлари
3

Faktoring bu o‘zi nima?

Faktoring – bu pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalashtirish xizmati.

Faktoring xizmatlari qaysi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilanishicha, moliya agenti sifatida tijorat banklari va boshqa kredit tashkilotlari faktoring xizmatlarini ko‘rsatishlari mumkin.

Faktoring xizmatining afzalliklari nimada?

Tadbirkorlar uchun faktoring xizmatlarining rivojlanishi quyidagi qulayliklarni yaratadi:

1. Likvidlikning oshishi.

Faktoring kompaniyalarga debitorlik qarzlari uchun darhol pul olish imkonini beradi, bu esa ularning likvidligini yaxshilaydi. Bu, ayniqsa, mavsumiy tebranishlarni boshdan kechiradigan yoki operatsion xarajatlarni qoplash uchun darhol mablag‘ga muhtoj bo‘lgan korxonalar uchun juda muhimdir.

2. Moliyaviy xavflarni kamaytiradi

Faktoring kompaniyasi qarzdorlar tomonidan debitorlik hisob varaqalarining to‘lanmaslik xavfini o‘z zimmasiga oladi. Bu kompaniyani moliyaviy yo‘qotishlardan himoya qiladi va moliyaviy risklarni kamaytiradi.

3. Debitorlik qarzdorligini boshqarish osonlashadi

Faktoring kompaniyasi to‘lovlarni yig‘ish va debitorlik qarzlarini boshqarish bilan shug‘ullanadi. Bunda faktoring xizmatidan foydalanuvchi kompaniya ushbu vazifalarni mustaqil hal qilishdan ozod bo‘ladi va asosiy biznesiga e’tibor qaratishi mumkin bo‘ladi.

4. Qisqa muddatda moliyalashtirish imkoniyati

Faktoring murakkab kreditlash jarayonidan o‘tmasdan moliyalashtirishdan imkonini beradi. Korxonalar ushbu mablag‘ni darhol asosiy faoliyatlarig yo‘naltirishlari mumkin.

5. Faktoring xizmati shartlarining moslashuvchanligi

Faktoring moliyalashtirishning moslashuvchan shartlarini taqdim etadi. Kompaniyalar o‘zlari istagan debitorlik qarzlarini sotishlari, kelishilgan miqdorda oldindan mablag‘ olishlari va xizmat kzo‘rsatishning o‘zlariga qulay bo‘lgan darajasidan foydalanishlari mumkin.

Tijorat banklari uchun quyidagi afzalliklarga ega:

1.   Mijozlar bazasi ortadi

2.   Qisqa muddatda moliyalashtirish orqali banklar amaliyotlari ro‘yxati kengayadi

3.   Bank daromadliligi oshadi

 

Halqaro tajriba hamda faktoring xizmatining rivojlanish tarixi

Xalqaro savdoda muddatli to‘lovlar ulushi 1990-yilda 20% ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 90% ga yetdi. Bu xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi kompaniyalarning 90% shartnomalari muddatli to‘lov asosiga tuzilishini anglatadi va bu faktoring xizmatlariga talabni oshiradi.

Misol sifatida, bugungi kunda Xitoyda savdo operatsiyalarida pul tushumlarini olish muddati o‘rtacha 52 kunni tashkil etadi. Ishlab chiqarish esa, ma’lumki, uzluksiz moliya oqimini talab qiladi.

Quyidagi jadvalda bank kreditlari va faktoring xizmati asosida moliyalashtirish jarayoning taqqoslama tahlilini ko‘rishimiz mumkin:


Mezonlar

Faktoring xizmatlari

Kredit amaliyoti

Rasmiylashtirish muddati Qisqa muddatda (2 soatdan – 1 kungacha) 1 - 5 kungacha
Ta’minoti Talab etilmaydi Talab etiladi
Maqsadlilik Talab mavjud emas Talab etiladi
Moliyalashtirish limiti Chegara o‘rnatilmagan Chegara o‘rnatilgan
Moliyalashtirish muddati Mablag‘ bir vaqtning o‘zida moliyalashtiriladi Shartnomada belgilangan muddatda
Faktoring xizmatining qanday turlari mavjud?

1. An’anaviy faktoring. Bunda ma’lum kompaniya o‘z debitorlik hisob varaqalarini faktoring tashkilotiga sotadi. Faktoring tashkiloti korxonaga avans sifatida belgilangan mablag‘ni taqdim etadi.

2. Teskari (reversiv) faktoring. Bunda yetkazib beruvchilariga qulayroq sharoit yaratish maqsadida sotib oluvchi kompaniya faktoring xizmatiga murojaat qiladi.

3. Bir faktorli. Bir faktorli faktoring xizmati asosan mahalliy amaliyotlarda qo‘llanadi hamda faqat debitorlik qarzlari buyicha moliyalash xizmatini taklif qiladi.

4. Ko‘p faktorli faktoring. Bunday faktoring asosian xalqaro amaliyotlarda qo‘llanadi hamda moliyalashdan tashqari debitorlik qarziga doir mablag‘larni yig‘ish, ularni boshqarish kabi bir nechta qo‘shimcha xizmatlarni o‘z ichiga oladi.

5. Regress huquqi bilan. Bunda agar sotib oluvchi to‘lovni amalga oshirmagan taqdirda, bank to‘lovni yetkazib beruvchidan talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

6. Regress huquqisiz. Bank to‘lovni faqatgina sotib oluvchidan talab qilib olishi mumkin.

7. Ochiq faktoring. Bunda tovar va xizmatlar sotib oluvchi korxona to‘lov bankka amalga oshirilishi to‘g‘risida xabardor etiladi

8. Yopiq faktoring. Bunday faktoring turida tovar va xizmatlar sotib oluvchi to‘lovlarni bankka amalga oshirishi kerakligi to‘g‘risida xabardor qilinmaydi.

Faktoringdan foydalanganda an’anaviy to‘lov shakliga nisbatan nima o‘zgaradi?

Buni quyidagi misol asosida ko‘rib chiqishimiz mumkin:

Deylik, ikki yuridik shaxs o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasi tuzildi.

Ishlab chiqaruvchi tovarni ikki kundan so‘ng belgilangan manzilga yetkazishi, xaridor uch oy ichida belgilangan summani to‘lab berishi kelishildi. Misol uchun, shartnoma summasi 100 million so‘mni tashkil etdi deylik.

An’anaviy usulda bu quyidagicha amalga oshiriladi:

Ishlab chiqaruvchi ikki kundan so‘ng 100 mln so‘mlik tovarlarni yetkazib beradi va to‘lovni uch oydan so‘ng qabul qiladi. Bu muddat ichida tadbirkor ishlab chiqarishni boshqa manbalardan moliyalashtirishiga to‘g‘ri keladi.

Faktoring instrumenti orqali moliyalashtirganda:

Ishlab chiqaruvchi 100 mln so‘mlik tovarlarni yetkazib beradi. Xaridor uch oy ichida to‘lov qilinishi bo‘yicha hisob-faktura yuboradi. Ishlab chiqaruvchi ushbu hisob-fakturani taxminan 98 mln so‘mga (xizmat haqini chegirib tashlab) faktoring tashkilotiga sotadi.

Faktoring xizmatlaridan faqat mahalliy oldi-sotdi faoliyatida foydalanish mumkinmi?

Albatta, faktoring xizmatlaridan xalqaro eksport va import faoliyatini amalga oshirishda ham foydalanish mumkin. Bunda quyidagi 3 xil ko‘rinishda faktoring xizmatlari taklif qilini mumkin:

1. Importchi – norezident. Eksportchi va Faktor – rezidentlar.

2. Eksportchi – rezident, import qiluvchi va Faktor – norezidentlar.

3. Eksportchi – rezident, import qiluvchi – norezident. Faktorlar esa 2 ta har bir taraf uchun. Bunday vaziyatda eksportchi hisob-varaqani eksport faktorga sotadi va mablag‘ni darhol qabul qilib oladi, importchi to‘lovni o‘z import faktoriga belgilangan tartibda o‘tkazib beradi va import faktor to‘lovni eksport faktorga o‘tkazadi.




Сизга ҳам қизиқ бўлиши мумкин:

Уй-жой сотиб олиш ва таъмирлаш учун қандай кредитлар олиш мумкин?

Уй-жой сотиб олиш ва таъмирлаш учун қандай кредитлар олиш мумкин?

Кредит тарихи

Кредит тарихи

«Микроқарз» нима ва уни қандай олиш мумкин?

«Микроқарз» нима ва уни қандай олиш мумкин?

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by X